Samarqand davlat tibbiyot institutida “Karera kuni” o‘tkazildi. Bu nima uchun kerak?
Menu Close Menu

Samarqand davlat tibbiyot institutida “Karera kuni” o‘tkazildi. Bu nima uchun kerak?

  Samarqand davlat tibbiyot institutida o‘tkazilgan “Karera kuni”ga institut kadrlariga ehtiyoji bo‘lgan ish beruvchi korxona va tashkilotlar, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari, bir qator hududiy markaziy shifoxonalar hamda xususiy klinikalar jalb qilindi. Bakalavr hamda magistratura bosqichi bitiruvchilari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashish maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil qilindi.

  Tadbirda Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlarida davolash-profilaktika muassasalari hamda tuman, shahar tibbiyot birlashmalaridagi bo‘sh ish o‘rinlari tahlil qilindi. Tahlil natijasiga ko‘ra, Samarqandda 298 nafar umumiy amaliyot shifokori va 437 nafar tor soha mutaxassisi, Qashqadaryo viloyatida 267 nafar umumiy amaliyot shifokori (chekka hududlarda 11 nafar), Surxondaryo viloyatida chekka hududlar uchun 43 nafar, Navoiy viloyatida 147 nafar umumiy amaliyot shifokori (24 nafar chekka hududlarda) yetishmasligi ma'lum qilindi.

  SamDTI bitiruvchilari mehnat yarmarkasiga jalb qilinib, “Karera kuni”ga taklif etilgan viloyatlarning davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari hamda tuman va shahar tibbiyot birlashmalari boshliqlari ishtirokida o‘tkazilgan seminarlarda ishtirok etishdi.

  Ma'lumot uchun, Samarqand davlat tibbiyot institutini joriy o‘quv yilida 675 nafar bakalavr, 121 nafar magistr hamda 213 nafar klinik ordinatura yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar o‘qishni bitiryapti.

  Shuningdek, Samarqand davlat tibbiyot institutini bitirayotgan kadrlarga ehtiyoji mavjud korxona va tashkilotlar rahbarlari talabnoma va so‘rov xati bilan 2021 yilning 15 may sanasiga qadar institut rektoratiga murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tildi.

  Talabnomada buyurtmachining rekvizitlari (pochta manzili, telefon raqami) hamda taklif etilayotgan lavozim to‘g‘risidagi ma'lumotlari to‘liq ko‘rsatilishi kerak bo‘ladi.


SamDTI matbuot xizmati