Menu Close Menu

“Zamonaviy tibbiyot va farmatsevtika: yangi yondashuvlar va dolzarb tadqiqotlar” talabalar va yosh olimlar anʼanaviy 75 -Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi

2021-yil 18-may kuni Samarqand davlat tibbiyot institutida “Zamonaviy tibbiyot va farmatsevtika: yangi yondashuvlar va dolzarb tadqiqotlar” talabalar va yosh olimlar anʼanaviy 75 — Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. Tibbiyot tizimi va farmatsiya sohasi uchun malakali va professional jihatdan yetuk kadrlarni tayyorlash, talabalar va yosh tadqiqotchilarni ilmiy izlanishlarga jalb qilish va ularni salohiyatidan samarali foydalanish, tibbiy taʼlim jarayoniga innovatsion texnologiyalarni kiritish va oliy taʼlim dargohlarida ulardan samarali foydalanish konferensiyani asosiy maqsadlaridan boʻldi. Talabalar va yosh olimlarni Xalqaro ilmiy-amaliy forumida Rossiya, Ukraina, Turkiya, Hindiston, Qozogʻiston, Tojikiston va Oʻzbekistonni bir qator tibbiyot oliy oʻquv yurtlarini 700 ziyod talabalari hamda yosh olimlari ishtirok etdilar.

  Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasini tantanali ochilish marosimida Samarqand davlat tibbiyot instituti Jasur Alimjanovich Rizayev (Samarqand, Oʻzbekiston), Istanbul madaniyat Universiteti rektori GulfettinCelik (Istanbul, Turkey), Ujgorod milliy universiteti rektori Vladimir IvanovichSmolanka (Ujgorod, Ukraina), Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti rektori NikolayNikolayevichKaryakin, (Nijniy Novgorod, Rossiya), I.Ya. Gorbachevskiy nomidagi Ternopol milliy tibbiyot universiteti rektori MixailMixaylovichKorda (Ternopol, Ukraina), Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori AlekseyYevgenyevichShklyayev (Ijevsk, Rossiya), S.D. Asfendiyarov nomidagi Qozoq milliy tibbiyot universiteti rektori Talgat SeytjanovichNurgojin (Olma-Ota, Qozogʻiston), Tojik milliy tibbiyot universiteti rektori MaxmadshoxKurbonali Gulzoda (Dushanbe, Tojikiston), Qozon davlat tibbiyot universiteti Farmatsiya instituti direktori Ruslan IbragimovichMustafin (Qozon, Rossiya), Toshkent farmatsiya instituti rektori Kamol Saidakbarovich Rizayev (Toshkent, Oʻzbekiston), “SalamahMedicalTourism Pvt.Ltd” kompaniyasi rahbari Mahbood Afzal (NewDelhi, India) oʻzlarini qutlov soʻzlari bilan ishtirokchilarga murojaat etib konferensiya ishiga omadlar tiladilar.

  Yalpi majlisda zamonaviy tibbiyot va farmatsiyani dolzarb masalalariga bagʻishlangan maʼruzalardan soʻng anjumanni asosiy ishi shubalarda davom etildi. Ularda klinik farmakologiyada zamonaviy yutuqlar, fundamental farmakologiyada zamonaviy yutuqlar, stomatologiya, otorinolaringologiya va oftalmologiyada zamonaviy yondashuvlar, yurak-tomir kasalliklarni davolashda innovatsion va pretsezion (aniq) texnologiyalar, terapevtik va yuqumli kasalliklarni sabablari va ularni davolashga yosh olimlarni qarashlari, nevrologiya, psixiatriya, sport tibbiyoti va reabilitatsiyani dolzarb masalalari, pediatriyada tashxis va davolash usullarini takomillashtirishda innovatsion texnologiyalardan foydalanish, akusherlik, ginekologiya va reproduktiv tibbiyot, eksperimental va fundamental tibbiyot, xirurgiya, neyroxirurgiya, urologiya va travmatologiyani dolzarb masalalari, jamoat tibbiyoti, gumanitar fanlar va pedagogika, yosh olimlarni dolzarb tadqiqotlari, posterli maʼruzalar kabi yoʻnalishlarda talabalar va yosh olimlarni 300 ortiq maʼruzalari tinglandi. Ularni chiqishlarini xolisona baholash uchun har bir shubada hayot rayosati ishladi. Xalqaro konferensiya hayʼat aʼzoligiga talabalarni kiritilishi bu yilgi anjumanni eʼtiborli jihatidan boʻldi.

  Konferensiya tashkilotchilari tomonidan 1500 ziyod ilmiy tezislar qabul qilinib, ular maxsus toʻplam shaklida “Gepato-gastroenterologik tadqiqotlar” xalqaro jurnalida chop etildi.

  Shuningdek konferensiya doirasida, “Universitet 3.0” konsepsiyasini joriy qilish, farmatsevtika sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ilmiy sohani amaliyot bilan bogʻlash va ilm-fan yutuqlarini pullash samaradorligini oshirish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot institutini “MEROS PHARM”, “INTEGRA DD”, “SAMARKAND ENGLAND ECO MEDICAL” (qoʻshma korxona) kompaniyalari va “Samarqand dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

  Samarqand davlat tibbiyot institutida oʻtkazilgan “Zamonaviy tibbiyot va farmatsevtika: yangi yondashuvlar va dolzarb tadqiqotlar” talabalar va yosh olimlar anʼanaviy 75-chi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi shubhasiz yosh olimlar va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, ularni salohiyati va ilmiy izlanishlaridan samarali foydalanish, mamlakatimizda farmatsiya sohasini rivojlantirish, fundamental va klinik fanlar oʻqitish sifatini yana-da oshirish, malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash hamda respublikamiz va xorijiy tibbiyot oliygohlari hamkorligini yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi.


Fotolavhalar

SamDTI matbuot xizmati