Menu Close Menu

“Sud tibbiyotining yosh avlodlari” Xalqaro onlayn olimpiadasi

  Samarqand davlat tibbiyot instituti tomonidan yosh isteʼdod sohiblarini topish va qoʻllab quvvatlash, taʼlim va ilmiy sohani amaliyot bilan uzviy bogʻlash, ilm-fan mutaxassislarining oʻzaro fikr va tajriba almashishlarini taʼminlash, xorijiy tibbiyot oliygohlari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatish maqsadida 2021-yilni 25-26-may kunlari tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalari, klinik ordinatorlari, magistr-rezidentlar uchun “Sud tibbiyotining yosh avlodlari” Xalqaro onlayn olimpiadasi oʻtkazildi.

  Pandemiya davridagi maʼlum cheklovlarini inobatga olgan Xalqaro olimpiada onlayn tarzda oʻtkazildi. Olimpiada ishida Oʻzbekiston, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston davlatlari 26 ta tibbiyot universitet, institut hamda ilmiy-amaliy markazlaridan 200 ga yaqin talaba va yosh olimlari hamda ularning ustozlari ishtirok etdilar.

  Xalqaro tanlovni ochilish marosimida SamDTI rektori professor J.A. Rizayev, Rossiya sud tibbiy ekspertiza markazi direktori professor I.Yu.Makarov (Rossiya), Oʻzbekiston Respublikasi sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi direktori professor A.I. Iskandarov, Kuban davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri professor V.A. Porodenko (Rossiya), I.K.Axunbayeva nomidagi Qirgʻiziston davlat tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri professor M.Sh.Mukashev, Kazan davlat tibbiyot universiteti kafedra mudiri dotsent L.G.Aleksandrova va boshqa bir qator xorijiy hamda respublikamiz oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-amaliy markazlarini rahbarlari ishtirokchilarga qutlov soʻzlari bilan murojaat etib barchaga omadlar tiladilar.

  Olimpiada asosiy ishi uch bosqichiga oʻtkazildi, unda har bir ishtirokchi test topshiriqlari va vaziyatli masalalarni yechish hamda amaliy koʻnikmalarini namoyon etish kabi mashgʻulotlarini bajardi. Ishtirokchilarni xolisona baholash maqsadida har bir bosqich uchun alohida onlayn tarzda tashkil etilgan hayʼat aʼzolari oʻz faoliyatlarini olib bordilar. Hayʼat aʼzolarini qarori boʻyicha mutlaq gʻoliblikni Voronej davlat tibbiyot instituti (Rossiya) talabasi SvetlanaVasilievnaShvetsova (rahbari — BavykinDmitryVadimovich) qoʻlga kiritishga muvafaq boʻldi. Xalqaro Olimpiadada 1, 2 va 3-oʻrinlarga 5 nafardan, jami 15 nafar talaba sazovor boʻldi, undan tashqari 12 turli nominatsiyalar boʻyicha ham ishtirokchilar safidan gʻoliblar aniqlandi.

  Olimpiadani ikkinchi kunida barcha gʻoliblar va ularni ustozlari tashkilotchilar tomonidan diplomlar, faxriy yorliqlar va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

  Samarqand davlat tibbiyot instituti tashabbusi bilan oʻtkazilgan sud tibbiyoti fani boʻyicha talabalar, klinik ordinatorlar va magistr-rezidentlar Xalqaro onlayn olimpiadasi respublikamizda tibbiyot sohasi uchun yangi malakali kadrlarni topish, boʻlajak sud tibbiyoti-shifokorlarini zamon talabiga mos ravishda tayyorlash, taʼlim va amaliyot bogʻliqligini yana-da mustahkamlash, mamlakatimiz tibbiyot oliygohlarining dunyo yetakchi tibbiyot universitetlari va ilmiy markazlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorligini rivojlantirish ishlariga oʻzining munosib hissasini qoʻshadi.


SamDTI matbuot xizmati