Menu Close Menu

​Boʻlajak shifokorlar Samarqand viloyati boʻsh oʻrinlariga ishga taklif etildilar

  Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi D.X. Jumaniyazov boshchiligida shahar va tumanlar tibbiyot birlashmasi hamda viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari Samarqand davlat tibbiyot instituti bitiruvchilari bilan uchrashdilar.

  Uchrashuvda Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori Jasur Rizayev bitiruvchilarning mutaxassisliklari, ixtisoslik yoʻnalishlari bilan ish beruvchilarni tanishtirdi. Institut rahbari bitiruvchilarning hozirdanoq Samarqandda ish boshlashlari uchun institut tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilishini, xususan agar olis joylarda 3 yil davomida ishlab kelsalar ularga kelgusida klinik ordinaturada oʻqishga topshirganda oʻzlari toʻplagan ballga 50% ball qoʻshib berishlarni taʼkidladilar.

  Oʻz navbatida viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi D.X. Jumaniyazov barcha samarqandlik bitiruvchilarni Samarqand viloyatini chekka hududlariga ishga taklif etdi. Ularga Prezidentimiz qarorlari bilan berilayotgan imtiyozlar va yaratiladigan shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

  Viloyatimizda 830 dan ortiq shifokor yetishmaydi, oliy maʼlumotli tibbiyot xodimlariga talab juda ham yuqori. Shuning uchun bugun butun jamoamiz bilan sizlarni ishga taklif qilish uchun keldik. Samarqandlik bitiruvchilardan umidimiz katta. Sizlarni viloyatimizga, xalqimiz salomatligini saqlashda yordam berishlaringizga ishonamiz. Sizlarga Prezidentimiz tomonidan beriladigan imtiyozlardan tashqari, shahar va tumanlar hokimlari tomonidan ham ishlash va joylarda munosib turmushni yaratish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib beriladi – dev taʼkidladi Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi birinchi oʻrinbosari S.S. Zayniev.

  Shuningdek, uchrashuvda viloyatdagi tarmoq tibbiyot muassasalari, tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlari bitiruvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berib, ishga borganlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni taʼkidladilar.

  Samarqandlik ish beruvchilar tomonidan bitiruvchilar uchun katta bayram dasturxoni tortildi. Uchrashuv yakunida ayrim bitiruvchilar bilan shu yerning oʻzida mehnat shartnomalari tuzildi.



SamDTI matbuot xizmati