×
Menu
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog'i
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi
  • Sayt xaritasi
  • Mobil ko'rinishi
  • Zoom text
Close Menu

​Institut Ilmiy Kengashi boʻlib oʻtdi

  29-dekabr kuni Samarqand davlat tibbiyot institutida shu yilda oxirgi Ilmiy kengashi boʻlib oʻtdi. Kengash ishida institut maʼmuriyati, kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar ishtirok etdilar.

  Ilmiy kengashni institut rektori professor Jasur Rizayev ochib berib, barchani kirib kelayotgan Yangi 2022 yil bilan tabrikladi, yangi omadlar va zafarlar tiladi.

  Institut rektori Ilmiy kengashda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 24 dekabr kuni imzolangan “Davlat oliy taʼlim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqillik berish toʻgʻrisida”gi va “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorlarni mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan maʼruza bilan chiqish qildi.

  Qarorlarga muvofiq, 2022-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekistonda 35 ta OTM, shu jumladan Samarqand davlat tibbiyot instituti, moliyaviy mustaqillik asosida faoliyat yuritadi.

  2022-yil 1-yanvardan kontrakt qiymatini, toʻlash muddatlarini belgilash va uzaytirish, mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchi va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish, oʻz hisobidan talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratish, xorijiy oʻquv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalarni toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilish, boʻsh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar koʻrsatish tartibini belgilash, avtotransport vositalarining yoʻl bosish yillik limiti va ularga xizmat koʻrsatish talablarini belgilash kabi vazifalar OTMlarga mustaqil qaror qabul qilish uchun yuklatiladi, deyilgan Prezident qarorlarida. Shuningdek qarorga koʻra, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari uchun davlat OTM xarajatlarini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratilishi maʼlum qilingan.

  2022-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlarida vasiylik kengashlari tugatilib tegishli vazirlik, idoralar, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat boʻlgan yuridik shaxs maqomisiz OTMlarning Kuzatuv kengashlari tashkil etiladi.

  Qarorga muvofiq, tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga ularning klinikalarida moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shuningdek, kapital va joriy taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun oʻzlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan zarur mablagʻlarini sarflashga ruxsat berildi.

  Bundan tashqari, hujjat bilan 2022/2023 oʻquv yilidan moliyaviy mustaqil davlat OTMlariga akademik mustaqillik sohasida oʻquv rejalari, dasturlari, malaka talablarini tasdiqlash, taʼlim shaklini belgilash, oʻqish davomiyligi muddatini belgilash, doktorantura kontrakti miqdorini belgilash, oʻz hisobidan grant ajratib doktoranturaga kvotaga qoʻshimcha qabul qilish, doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash, magistratura uchun sirtqi, masofaviy va kechki taʼlimni joriy etish, akademik mobillikni amalga oshirish, oʻz grifi asosida darsliklar hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish hamda taʼlim sifatini ichki nazorat qilish vakolatlari beriladi.

  Qabul qilingan hujjatlar oliygohimiz oldida keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda va biz bor kuch va koʻnikmalarimizni ularni amalga oshirishga safarbar qilishimiz kerak, deb taʼkidladi institut rektori.

  Ilmiy Kengashda kun tartibi boʻyicha boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.



SamDTI matbuot xizmati