×
Menu Close Menu

Qabul nizomi

Prezident “2021/2022 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Belgilanishicha, 2021/2022 oʻquv yili qabulida:

  • davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklariga oʻqishga qabul qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Bunda, birinchi bosqichda davlat oliy taʼlim muassasasi tomonidan tanlangan mutaxassislikka mos fanlar boʻyicha kirish imtihonlari, ikkinchi bosqichda Davlat test markazi tomonidan chet tili boʻyicha test sinovlari oʻtkaziladi;
  • magistratura (klinik ordinatura)ga oʻqishga qabul qilishda chet tili boʻyicha tegishli darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar ikkinchi bosqichda chet tilidan test sinovini topshirishdan ozod qilinadi va ularga mazkur fan boʻyicha maksimal ball beriladi;
  • magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisligiga mos fanlar boʻyicha imtihonlar natijalari imtihon oʻtkazilganidan keyin uch kun muddatda davlat oliy taʼlim muassasasi tomonidan idoralararo elektron axborot almashinuv tizimi orqali Davlat test markaziga taqdim etiladi hamda mazkur muassasaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;
  • abituriyentning chet tili boʻyicha test sinovidan toʻplagan ballari toʻgʻrisida maʼlumot test sinovlari oʻtkazilgan kunning ertasiga hamda magistratura (klinik ordinatura) qabuli boʻyicha tanlov natijalari test sinovlari toʻliq yakunlangandan soʻng bir hafta muddatda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.