×
Menu
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog'i
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi
  • Sayt xaritasi
  • Zoom text
Close Menu

Eng ko'p beriladigan savollar

1. Savol: Bakalavriatning alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida tahsil olgan oliy tibbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga yo‘llash tartibini tushuntirib bersangiz!

Javob: Ishga yo’llash tartibi Vazirlar mahkamasining 769-sonli ” tibbiyot kadrlarini tayyorlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshiriladi:

1. Ushbu Nizom bakalavriatning alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida tahsil olgan oliy tibbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini (keyingi o‘rinlarda bitiruvchilar deb ataladi) oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalariga (keyingi o‘rinlarda OShP va OP deb ataladi) ishga yo‘llash tartibini belgilaydi.

2. Bitiruvchilar 2017/2018 o‘quv yilda bitirganlardan boshlab, keyinchalik doimiy yashash joyida majburiy tartibda ishlab berish uchun OShP va OPlarga taqsimlanadi.

Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy ta’lim (davolash ishi)” yo‘nalishlari bitiruvchilari yashash bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan qat’i nazar davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlarida ko‘rsatilgan tuman (shahar)da majburiy tartibda ishlab berish uchun OShP va OPlarga taqsimlanadi.

3. Oliy tibbiy ta’lim muassasalarining OShP va OPda majburiy ishlab berish uchun bitiruvchilar taqsimlanadigan bakalavriat yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tuman (shahar)larida bitiruvchining majburiy ishlab berish muddati 3 yilni (36 oy) tashkil etadi. 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot oliy ta’lim muassasalari “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy ta’lim (davolash ishi)” yo‘nalishlari bitiruvchilarining majburiy ishlab berish muddati, yashash bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan qat’i nazar davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlarida ko‘rsatilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tuman (shahar)larida kamida 5 yilni (60 oy) tashkil etadi.

2. Savol: Bitiruvchilarni majburiy ishlab berishga taqsimlash qanday amalga oshiriladi?

Javob: Vazirlar mahkamasining 769-sonli qaroriga asosan:

Bitiruvchilarni majburiy ishlab berish uchun taqsimlash, shuningdek majburiy ishlab berish jarayonini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida vazirlik xodimlari, sog‘liqni saqlash boshqarmasining hududiy organlari rahbarlari, oliy tibbiy ta’lim muassasalari va tibbiyot tashkilotlarining mas’uliyatli xodimlaridan iborat Komissiya (keyin o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.

Komissiya tarkibi, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

1. Bitiruvchilar majburiy ishlab berishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari taqdim etgan shifokor kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj to‘g‘risida buyurtmanomalar va mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar asosida Komissiya tomonidan har yili taqsimlanadi.

Komissiya bitiruvchilarni OShP va OPdagi mavjud bo‘sh o‘rinlariga majburiy ishlab berish uchun taqsimlaydi.

2. Bitiruvchilarning majburiy ishlab berishining aniq muddatlari, joyi va sharoitlari, shuningdek ularning majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, oliy tibbiy ta’lim muassasasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda bitiruvchi o‘rtasida 4 nusxada tuziladigan shartnomada (keyingi o‘rinlarda shartnoma deb ataladi) belgilanadi.

Shartnoma namunasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.

3. Oliy tibbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilar uchun yo‘llanmalarni tuzilgan shartnoma asosida respublika hududi va OShP yoki OPni aniq ko‘rsatgan holda rasmiylashtiradi.

4. O‘qishni tugatgandan so‘ng magistratura yoki klinik ordinatura (rezidentura)ga o‘qishni davom ettirish uchun kirgan bitiruvchilar ta’lim shaklidan qat’i nazar (davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida), majburiy ishlab berish uchun magistratura va klinik ordinatura (rezidentura)ni tamomlaganidan so‘ng taqsimlanadi.

5. Oliy tibbiy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishida davlat granti asosida tahsil olgan magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari Komissiya tomonidan oliy tibbiy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalarining ushbu mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda taqsimlanadi.

Bunda Komissiya birinchi navbatda, magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilarini majburiy ishlab berish uchun OP va markaziy tuman (shahar) ko‘p tarmoqli poliklinikalardagi mavjud bo‘sh o‘rinlarga taqsimlaydi.

3. Savol: Oliy ta’lim muassasasini davlat garanti asosida o’qib bitirgan talabalarni yo’llanma bo’yicha ishga qabul qilish qanday amalga oshiriladi?

Javob: Oliy ta’lim muassasasini davlat garanti asosida o’qib bitirgan talabalarni yo’llanma bo’yicha ishga qabul qilish quyidagicha amalga oshiriladi:

1. Bitiruvchilar o‘qishni tamomlaganidan so‘ng ushbu Nizomga muvofiq shartnomada ko‘rsatilgan ish joyiga kelishi va 3 oy ichida mehnat faoliyatini boshlashi shart.

2. Oliy tibbiy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishida davlat granti asosida tahsil olgan magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari o‘qishni tamomlagach, shartnomada ko‘rsatilgan ish joyiga kelishi va 3 oy ichida mehnat faoliyatini boshlashi shart.

3. Ish beruvchi shartnomaga muvofiq va ishga yo‘llanma asosida bitiruvchi bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzadi.

4. Ish beruvchi bitiruvchi tomonidan taqdim etilgan ishga kelgani va joylashgani haqidagi hujjatni to‘ldiradi va keyinchalik uni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli oliy tibbiy ta’lim muassasasiga taqdim etish uchun o‘n kun muddat ichida sog‘liqni saqlash boshqarmasining hududiy organiga yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va oliy tibbiy ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda har bir bitiruvchi hisobini yuritib borishi shart. Bunda tanlov asosida qabul qilinadigan lavozimlarga majburiy ishlab berish uchun yuborilgan bitiruvchilar tanlovsiz qabul qilinadi.

4. Savol: Bitiruvchilarning majburiy ishlab berish joyini o‘zgartirishi mumkinmi? Mumkin bo’lsa buning tartibi qanday?

Javob: Vazirlar mahkamasining 769-qaroriga muvofiq:

1. Majburiy ishlab berish uchun taqsimlangan bitiruvchining ishlab berish joyini o‘zgartirishi uchun jiddiy sabablar yuzaga kelsa, turmush qursa, doimiy yashash uchun boshqa hududga ko‘chib o‘tsa, bitiruvchi majburiy ishlab berish joyini o‘zgartirish uchun Komissiyaga murojaat qilish huquqiga ega buni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.

2. Komissiya o‘n besh kun ichida bitiruvchining murojaati va taqdim etilgan tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha bitiruvchi uchun ushbu Nizom talablariga muvofiq boshqa majburiy ishlab berish joyini belgilaydi.

5. Savol: Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortishga haqlimi?

Javob: Yo’q, haqli emas. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortgan holatda quyidagilarni amalga oshiradi:

1. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oliy tibbiy ta’lim muassasasi tomonidan talaba o‘qishni bitirgani haqida tegishli buyruqni chiqargan vaqtda amalda qo‘llanilgan bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz barobari miqdorida kompensatsiya to‘laydi.

2. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlangan bitiruvchi ishlab berish muddati davomida shartnomada ko‘rsatilgan joyda majburiy ishlab berishni o‘z xohishiga ko‘ra rad etsa, u O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga Nizomning 19-bandida ko‘rsatilgan va ishlab berilgan muddatga mos ravishda kamaytirilgan miqdorda kompensatsiya to‘laydi.

Kompensatsiya miqdorini hisob-kitob qilishda majburiy ishlab berish muddatlarining faqat to‘liq oylari hisobga olinadi.

3. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortishni rasmiylashtirishi uchun Komissiyaga tegishli ariza bilan murojaat qilishi kerak. Bunda bitiruvchi Komissiyaga ariza taqdim etgan sana ushbu Nizomning 20-bandiga muvofiq majburiy ishlab berishdan bosh tortish sanasi deb hisoblanadi.

4. Majburiy ishlab berishdan bosh tortgan bitiruvchi bilan mehnat shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.

5. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga to‘laydigan kompensatsiya miqdorini u davlat granti bo‘yicha tahsil olgan oliy tibbiy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari g‘aznachilik shaxsiy hisob-raqamiga to‘liq hajmda to‘laydi.

6. Oliy tibbiy ta’lim muassasasi kompensatsiyalar summasi hisobini budjetdan tashqari alohida g‘aznachilik shaxsiy hisob-raqamida yuritadi va shaxsiy hisobraqamga kompensatsiya tushgandan so‘ng uch ish kunidan kechiktirmasdan kompensatsiya summasining O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishini ta’minlaydi.

7. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlanadigan bitiruvchi mehnatga layoqatsizligi tufayli majburiy ishlab berolmagan holatlarda uning keyingi mehnat faoliyati to‘g‘risidagi qaror Komissiya tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.

Mehnat layoqatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgani sababli (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda) majburiy ishlab berish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bitiruvchilar Komissiya qarori asosida kompensatsiya to‘lashdan ozod etiladi.